Bemorni mehr va aql-idrok yupatishlar bilan ovut, ammo
asosiysi, u oldida uni nima kutayotganini, va ayniqsa
nima xavf solishini bilmasligi lozim.
Gippokrat
Quloq va yuqori nafas yo‘llari o‘smalari nisbatan ko‘p uchraydi va barcha o‘sma kasalliklarining 6–8% ni tashkil etadi. Kasallikning klinik kechimi, tashxisoti, davolash samaradorligi va yakuni o‘samaning joylashuviga va tarqalishiga bog‘liq bo‘ladi. Gistologik o‘zgarishlar va klinik belgilarning xususiyatlariga asoslangan xalqaro tasnif bo‘yicha yuqori nafas yo‘llari va quloq o‘smalari yaxshi sifatli (xavfsiz) va yomon sifatli (xavfli) o‘smalarga bo‘linadi. Bundan tashqari ayrim mualliflar o‘smasimon tuzilmalarni mavjudligini qayd etadilar.
Klinik belgilar o‘sma o‘sishining xususiyatlarini, metastaz berish va atrof to‘qimalarga tarqalish qobiliyatini ko‘rsatadi, ammo o‘smaning xarakteri faqat gistologik tekshiruv natijalari asosida aniqlanadi. O‘smalar epiteliy, biriktiruvchi, muskul va asab to‘qimalardan boshlanishi mumkin.
Hiqildoq o‘smalari ayniqsa ko‘p uchraydi va yuqori nafas yo‘llari o‘smalari orasida birinchi o‘rinni egallaydi, ikkinchi o‘rinda — burun va burun yondosh bo‘shliqlari o‘smalari, uchinchi o‘rinda halqum o‘smalari turadi va nisbatan kam hollarda quloq o‘smalari uchraydi.