Otorinolaringologik bemorni ambulatoriya va shifoxona sharoitida tekshirishni propedevtika talablariga binoan doimo shikoyatlari va anamnez ma’lumotlarini aniqlashdan boshlash lozim. Faqat shundan keyingina ko‘zdan kechirishga o‘tiladi.
LOR-a’zolarini ko‘zdan kechirishning bir nechta umumiy tamoyillari mavjud:
- bemor yorug‘lik manbai va tibbiy asboblar stolchasining chap tomonida o‘tiradi;
- shifokor bemorning ro‘parasiga stolga o‘tiradi, bemor oyoqlarini stoldan tashqariga qo‘yib o‘tiradi;
- yorug‘lik manbai bemorning o‘ng qulog‘i sathida undan 10 sm masofada o‘rnatiladi.
Peshona reflektoridan foydalanish qoidalari
2.1-rasm. Shifokor boshida reflektorning joylashishi
- Reflektor peshona tasmasi yordamida peshonaga taqiladi. Reflektorning teshigi chap ko‘zning ro‘parasiga o‘rnatiladi (2.1-rasm).
- Reflektor va tekshirilatgan a’zo orasidagi masofa 39–35 sm ni tashkil qiladi (ko‘zguning fokus masofasi).
- Aks etgan yorug‘lik to‘plami reflektor yordamida bemorning burniga yo‘naltiriladi. Keyin vrach o‘ng ko‘zini yopib chap ko‘zi bilan reflektor teshigi orqali qaraydi va reflektorni burib, yorug‘lik to‘plami (“quyoncha”) bemorning burnida ko‘rinishiga erishadi. O‘ng ko‘zni ochib a’zoni ikkala ko‘zlari bilan ko‘zdan kechiriladi.
Ko‘pincha reflektor o‘rniga peshona yoritgichi qo‘llanadi.