Mualliflar otorinolaringologiya darsligining to‘rtinchi nashrini yuqori nafas yo‘llari va quloq kasalliklariga doir tibbiyotdagi yangi yutuqlarga asoslanib qayta ishlaganlar. LOR-a’zolari kasalliklarini dorilar bilan davolash, ayrim keng tarqalgan quloq, tomoq va burun kasalliklarini klinik baholash va davolash taktikasiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilgan. Tojdor virus chaqiradigan kasallik klinikasida va undan keyingi asoratlarda LOR-a’zolarda kuzatiladigan o‘zgarishlar klinikasi, dianostikasi, davolash va profilaktisi ham kiritilgan.
Inson organizmi faoliyatining umumiy tizimida LOR-a’zolari tashqi nafas, hid bilish, nutq, eshituv va muvozanat faoliyatlarni ta’minlaydilar. Ular o‘zlariga yuklatilgan faoliyatlarni markaziy asab tizimi orqali yurak-qon tomir, immun, qon ishlab chiqarish, oshqozon-ichak yo‘li, tayanch-harakat va organizmning boshqa tizimlari a’zolari bilan chambaras holda bajaradilar. LOR-a’zolari va ushbu tizimlarning bunday har tomonlama chambaras fiziologik (ko‘pincha anatomik) bog‘liqligi kasalliklarda har ikki yo‘nalishlardagi patologik reaksiyalarni belgilab beradi. Aksariyat kasalliklarda LOR-a’zolari tomonidan infeksion-toksik va asab-reflektor ta’sirlar paydo bo‘ladi, bu esa organizmda umumiy va mahalliy patologik o‘zgarishlarni qo‘zg‘atadi yoki yig‘adi. Demak, klinik amaliyotda diagnostik va terapevtik masalalarni faqat darslikda keltirilgan otorinolaringologiyaga doir asosiy bilimlar mavjud bo‘lgandagina yuqori malakali hal qilish mumkin.
Mazkur nashr o‘z ichiga otorinolaringologiyaga doir fundamental bilimlarni qamrab olgan. Klinik materialni yaxshiroq o‘zlashtirish uchun kitobda kasalliklarni aniqlash va davolashga doir LOR-a’zolarining anatomiyasi va fiziologiyasiga haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Burun, halqum, hiqildoq va tashqi eshituv yo‘lini shifokor tomonidan ko‘zdan kechirish ushbu a’zolar kasalligining xarakteri haqida asosiy ma’lumotni (vizual manzarani) olish imkonini beradi. Ko‘zdan kechirish tekshiruvi oddiy bo‘lib, uni har bir shifokor o‘zlashtirib olishi mumkin. Darslik LOR-a’zolari asosiy tekshiruv usullarining sirlarini ochib beradi.
Kitobda nafaqat yuqori nafas yo‘llari va quloq kasalliklarining etiologiyasi, patogenezi, tashxisoti va davolashga doir asosiy bilimlar, balki ushbu sohaga doir eng yangi ilmiy va amaliy ma’lumotlar qisqacha qilib keltirilgan.
Kitobga rinodakriotsistit bo‘yicha yangi bo‘lim kiritilgan, chunki ko‘z yoshi yo‘llarining yallig‘lanishi ko‘pincha burun bo‘shlig‘ining patologiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi, asosiysi — ko‘z yoshi qopchasiga endonazal jarrohlik yondashuvi tashqi yondashuvga qaraganda ancha samarali hisoblanadi.
Talaba ushbu darslikda tibbiyot oliygohining o‘quv dasturiga doir barcha kerakli ma’lumotlarni topa oladi. Shubhasiz, kitob internalar, ordinatorlar, aspiratlar va amaliyot shifokrolari uchun foydali bo‘ladi, chunki unda otorinolaringologiyaga doir asosiy ma’lumotlar keltirilgan.
Mualliflar darslikning mazkur nashrini tayyorlashda qatnashgan va yordam bergan otorinolaringologiya kafedrasi xodimlariga o‘z minnadorchiligini bildiradi.