5.1. Hiqildoqning klinik anatomiyasi
Hiqildoq (larynx) — yuqori qismi hiqildoq halqumga ochilgan, pastki qismi esa traxeyaga o‘tadigan ichi bo‘sh a’zo. U bo‘yinning old yuzasida til osti suyagi ostida joylashgan. Hiqildoq boylamlar, bo‘g‘imlar va muskullar bilan biriktirilgan tog‘ayli skeletdan tashkil topgan bo‘lib, ichkaridan shiliq parda bilan qoplangan. Hiqildoqning yuqori cheti IV va V bo‘yin umurtqasi chegarasida, pastki cheti — VI bo‘yin umurtqasi sathida joylashgan. Tashqi tomondan hiqildoq muskullar, teri osti to’qimasi va teri bilan qoplangan. Gapirganda, kuylaganda, nafas olganda va yutinganda hiqildoq yuqoriga va pastga qaratilgan faol harakatlarni bajaradi. Faol harakatlardan tashqari u o‘ng va chapga passiv siljiydi,bunda hiqildoq tog‘aylari-ning g‘irchillashi qayd etiladi. Havfli o‘sma bilan zararlangan hollarda hiqildoqning faol harakatlari va passiv siljishi kamayadi.
Erkaklarda qalqonsimon tog‘ayning yuqori qismida bo‘rtish yoki tepalik — promenenta laryngeas. pomum Adami borligi ko‘zga tashlanadi. Bolalar va ayollarda u yumshoq bo‘lib, paypaslanganda qiyinchilik bilan aniqlanadi. Hiqildoqning pastki qismida,qalqonsimon va uzuksimon tog‘aylar orasida konik boylam (lig. conicum, s. cricothyreoideum) maydonini oson paypaslash mumkin. Bemorda bo‘g‘ilish holati yuz berib nafas faoliyatini shoshilinch ravishda tiklash zarur bo‘lganda ushbu boylamni kesish, ya’ni konikotomiya jarrohlik amali bajariladi.