1.1. O‘rganish predmeti
Otorinolaringologiya — bu kalla va bo‘yin sohasi, aniqrog‘i odam tanasining qosh usti yoyidan o‘mrov suyagigacha bo‘lgan qismining kasalliklari bilan shug‘ullanadigan fan.
Yuqori nafas yo‘llari, ya’ni burun, halqum, hiqildoq organizmga tozalangan va isitilgan havo oqimini kirishini ta’minlabgina qolmay, balki hid bilish, ovqatlanish, nutqni shakllantirsa, quloq orqali tovushlar va nutqni eshitish,ularni taxlil qilish, gavda muvozanatini saqlash kabi muhim faoliyatlarda ishtirok etadi. Bunda ular yurak-qon tomir, asab, bosh miya, oshqozon-ichak, harakat, immun, qon ishlab chiqarish va boshqa ichki a’zo va tizimlar bilan chambarchas bog‘liq. Shubhasiz, bunday fiziologik va ko‘pincha anatomik bog‘lanishlar LOR-a’zolari va ushbu tizimlarning kasalliklarida qanday patologik reaksiyalar yuzaga kelishini belgilaydi. Aksariyat xollarda LOR-a’zolarining yallig‘lanishi va boshqa kasalliklari organizmda turli patologik o‘zgarishlarni rivojlanishiga olib keladi, shuning uchun tashxis va davolash ishlarida shifokorlar otorinolaringologiya fanining asoslarini chuqur o‘zlashtirishlari lozim.
Shunday qilib, otorinolaringologiya fani yuqori nafas yo‘llari va quloq kasalliklarini boshqa patologiyalar bilan bog‘liq xolda aniqlash, davolash va oldini olish, hamda burun, halqum, hiqildoq va quloqning fiziologiyasi va patologiyasi masalalarini boshqa a’zo va tizimlar bilan bog‘liq xolda ilmiy jihatdan o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Otorinolaringologiya fanining asosiy vazifalari tibbiyot oliygohlarining talabalariga quyidagi bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatishdan iborat:
- quloq, tomoq va burun a’zolarining klinik anatomiyasi va fiziologiyasi;
- quloq, tomoq va burun a’zolari kasalliklarining etiologiyasi, patogenezi, klinik belgilari, davolash usullari;
- otoskopiya, rinoskopiya, faringolaringoskopiya, laringoskopiya, endoskopik, mikroskopik tekshiruv usullari;
- eshituv va muvozanatni saqlash a’zolarining funksional holatini tekshirish usullari;
- talabalarda LOR-a’zolari kasalliklarini aniqlashda klinik fikrlash qobiliyatini shakllantirish.
U yoki bu fandan, shu jumladan otorinolaringologiyadan, chuqur bilimlarga ega bo‘lish uchun shu soha qachon va qanday paydo bo‘lganligini, uning rivojiga qanday muhim o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatganini va hozirgi kunda asosiy mazmuni nimadan iborat ekanligini bilish lozim.
Tabobat, shu jumladan otorinolaringologiya fani eng qadimiy fanlardan hisoblanadi. Qadimiy yunon yozuvlari va Buqrot (Gippokrat, eramizdan oldingi 460–377 yy.) asarlarida burun, halqum va hiqildoqning anatomik tuzilishlari, faoliyatlari va kasalliklari xaqida ma’lumotlar keltirilgan. Buqrot suyak chig‘anog‘ining ichida parda chig‘anoq borligini aniqlagan, tanglay murtaklarini ko‘rsatkich barmoq yordamida paypaslash, burun polipini ipak ip bilan olib tashlash, tashqi eshituv yo‘liga o‘simliq yog‘ini tomizish va unga tiqma qo‘yish kabi ko‘pgina tekshiruv va davolash usullarini tavsiya qilgan. Keyinchalik sels (eramizdan oldingi I asr), Jolinus (Galen, eramizdan oldingi 129–201 y.y.) va qadimiy dunyo tibbiyotining boshqa vakillari ham o‘z asarlarida ushbu mavzuni kengroq yoritganlar.
O‘zbekistonda yashagan qadimiy halqlar tabobatining rivojlanishiga doir dastlabki ma’lumotlar zardushtiylarning “Avesto” kitobida keltirilgan. IX–X asrlarga kelib tabobat fani Sharq mamlakatlarida tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Samoniylar hukmronligi davrida Buxoro davlatida qator buyuk olimlar yetishib chiqdiki, ularning asarlari tabobat fanining keyingi ko‘p asrlik taraqqyotiga asos soldi. Muhammad Zakariyo Roziy (865–925) va Abu Ali ibn Sino (980–1037) shular jumlasidandir.
Buyuk ensiklopedist olim Abu Ali ibn Sino 980 yilda Buxoroning Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. Allomaning bizgacha yetib kelgan 240 asarlaridan 40 dan ortig‘i tibbiyot masalalariga bag‘ishlangan. “Tib qonunlari” asari esa misli ko‘rilmagan shuxrat keltirib, Ibn Sinoni jahonga mashxur tabib sifatida tanitdi. Yuz yillar davomida butun dunyo shifokorlari ushbu asardan foydalanadilar.
“Tib qonunlari” asarida alloma inson salomatligi, uni asrash, kasalliklarni oldini olish va o‘z vaqtida davolashning ahamiyati to‘g‘risida tavsiyalarini berib, zamonaviy tibbiyotga asos soldi. Ibn Sino sog‘liqni saqlash ishini san’at deb atagan. Uning fikricha salomat bo‘lish (sog‘liqni saqlash) uchun quyidagi yetti asosiy tadbirlarga amal qilish lozim: 1) tana mutanosibligi — odam mijozini mo‘tadil xolga keltirish; 2) oziq-ovqat va ichimlikni to‘g‘ri tanlash; 3) tanani (organizmni) chiqindilardan tozalash; 4) tana vaznini (to‘g‘ri) saqlash; 5) burundan olinadigan narsa (havoni) yaxshilash; 6) kiyimni moslashtirish (tanaga va faslga mos kiyim kiyish; 7) jismoniy va ruhiy harakatlar mutanosibligi (mo‘tadilligi). Abu Ali ibn Sinoning “Agar nafas olinayotgan havo tarkibida chang va g‘ubor bo‘lmasa, inson ming yil yashagan bo‘lur edi”, yoki “Havo toki muvozanatlangan va toza bo‘lsa, unga (pnevmaga) begona qo‘shimchalar qo‘shilmasa, u salomatlik garovi bo‘ladi, aks xolda turli kasalliklarga sabab bo‘ladi” qisqa va keng ma’noli fikri hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Ibn Sino sog‘liqni saqlashdagi eng muhim va asosiy omil badantarbiya deb bilgan va uni birinchi o‘ringa qo‘ygan, nafas tizimini mustahkamlash uchun ham nafas mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishni tavsiya qilgan. Ikkinchi o‘ringa ovqatlanish tartibini va uchinchi o‘ringa dam olish va uyquni qo‘ygan.